← Mavzular ro'yxatiga qaytish

1§. BIOTEXNOLOGIYA TUSHUNCHASI VA FANINING MOHIYATI HAMDA AHAMIYATI


Biotexnologiya yoki biologik jarayonlar texnologiyasi biologik agentlar, ularning majmualari (mikroorganizmlar, o‘simliklar va hayvon hujayralari, ularning komponentlari) dan kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladigan texnologiyalardir.

Manbalar va adabiyotlarda “Biotexnologiya” atamasiga mutaxassis olimlar tomonidan turli xil ta’riflar berib kelinmoqdaki, fanning hozirgi rivojlangan davrida ham bu borada aniq to‘xtamga kelinmagan. Quyida biotexnologiya sohasining yetuk olimlari tomonidan ushbu atamaga berilgan ta’riflarga to‘xtalib o‘tamiz:

Anbash, A.Xemferi, N.Millislarning (1975) fikriga ko‘ra, “Biotexnologiya - yangi biokimyoviy ishlab chiqarishlar mahsulidir (vitaminlar, antibiotiklar)”.

A.Xasting (1983) fikri bo‘yicha “Biotexnologiya - pivo, vino, pishloq, vitaminlarni sanoat asosida ishlab chiqarish jarayonidir”.

A.A.Baev (1986), Yu.A.Ovchinnikov (1982)lar “Biotexnologiya - biologik jarayonlarni ishlab chiqarishga joriy etish to‘g‘risidagi fan” deb ta’riflashgan.

Shuningdek, bir qator muhokamalarda biotexnologiyaning moddalarni biosintez usuli orqali oziqa olish fanining bo‘limi sifatida “bioinjeneriya” sohasi bilan bog‘liqligi, biologik tizimlar asosidagi sanoat jarayoni ekanligi, katta miqdordagi sanoat asosida biokatalizatorlar faoliyati orqali moddalar olish va atrof-muhitni himoya qiladigan fan ekanligi qayd qilingan.

Biotexnologik jarayonlardan mikroorganizmlar, o‘simlik va hayvon hujayralari hamda to‘qimalari, hujayra organellalari, ularni o‘rab turgan membranalardan sof holatda oqsil, organik kislotalar, aminokislotalar, spirtlar, dorivor moddalar, fermentlar, gormonlar va boshqa organik moddalarni (masalan, biogaz) ishlab chiqarish (sintez qilishda), tabiiy qazilmalardan sof holda metall ajratish, oqova suvlarni tozalash va qishloq xo‘jalik yoki sanoat chiqindilarini qayta ishlash kabi sohalarda keng foydalaniladi. Fan sifatida XX asrning 60-yillaridan shakllana boshlagan biotexnologiyaning tarixiga chuqurroq nazar tashlasak, mikroorganizmlar yordamida “bijg‘itish”, “achitish” jarayonlari insoniyat tomonidan qadimdan keng ishlatilib kelinayotganligining guvohi bo‘lamiz. Sutdan qatiq, uzumdan vino va sirka, achitqilar yordamida - non tayyorlash va boshqa bir qancha biotexnologik jarayonlarning qachon ixtiro qilinganligi hozircha aniq ma’lum emas. Umuman olganda, yuqorida zikr etilgan, mikroorganizmlar yordamida amalga oshiriladigan biotexnologik jarayonlardan hozirgacha ham insoniyatning ro‘zg‘or yuritishida keng qo‘llanilib kelinmoqda.

Biotexnologiyaning asosini zamonaviy mikrobiologiya tashkil etadi. Mikrob hujayralari ko‘z ilg‘amas, juda kichik bo‘lganligi sababli, ularning yuzasi hajmiga nisbatan juda baland va shuning uchun ham oziqa moddalarni hujayraga diffuziyasi juda yuqori, bu esa mikrob metabolizmini o‘ta tezkorlik bilan o‘tishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Biotexnologiyaning mohiyatini tushunish uchun misollarga murojaat qilaylik. Bakteriya hujayrasi har 20-60 minutda, achitqi zamburug‘lari 1,5-2,0 soatda ikkiga bo‘linib ko‘paysalar, sut emizuvchilar hujayralarining ikkiga bo‘linishi uchun 24 soat kerak bo‘ladi. Bir kecha-kunduzda og‘irligi 500 kilogrammli bo‘lgan qoramol 500 gramm oqsil moddasi to‘plasa, 500 kilogramm achitqi zamburug‘i 500 tonna yoki undan 1000 marotaba ko‘proq oqsil to‘playdi. Qolaversa, mikrob yetishtirish na ob-havoga va na faslga bog‘liq. Ularni eng arzon oziqa muhitida har xil chiqindilar, kletchatka, metanol, metan gazi va vodorodda o‘stirish mumkin. Mikroorganizmlar nafaqat oqsil, balki turli fermentlar, yog‘lar, vitaminlar, polisaxaridlar va boshqa bir qator foydali mahsulotlar sintez qiladi.

Bugunga kelib, zamonaviy biotexnologik usullar va gen muhandisligi yordamida farmatsevtika uchun interferonlar, insulin, somatotropin, gepatitga qarshi vaksina, fermentlar, klinik tadqiqotlar uchun diagnostik ashyolar (giyohvandlik, gepatit va boshqa bir qator yuqumli kasalliklarni aniqlash uchun test tizimlar, biokimyoviy tekshirishlar uchun turli xildagi reaktivlar, egiluvchan biologik plastmassalar, antibiotiklar va boshqa ko‘plab bioaralashmali mahsulotlar) ishlab chiqariladi. Pivo, spirt, kir yuvish vositalari ishlab chiqarish, to‘qimachilik va teri oshlash kabi jarayonlarda ishlatiladigan ferment preparatlari ishlab chiqarish va qo‘llash ham keng yo‘lga qo‘yilgan.

Biotexnologiyaning asosiy yo‘nalishlarini shartli ravishda quyidagicha guruhlash mumkin:

  • oziqa mahsulotlari biotexnologiyasi;
  • qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan preparatlar biotexnologiyasi;
  • sanoat mahsulotlari biotexnologiyasi;
  • dorivor moddalar, diagnostika va reaktivlar biotexnologiyasi;
  • biogidrometallurgiyada ishlatiladigan biotexnologiya;
  • tabiatni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan biotexnologiyalar.

Odatda, mikroorganizmlarni foydali va zararli deb o‘rganishga harakat qilinadi. Bu fikr mutlaqo to‘g‘ri emas. Fikrimizcha, barcha mikroorganizmlar foydali, chunki ular tabiatda modda almashinuvida faol qatnashadi va ko‘plab xilma-xil hayotiy zarur moddalar sintez qiladi. Binobarin, mikroorganizmlar biz yashab turgan dunyoning eng qudratli ishlab chiqaruvchi kuchidir. Ular har xil fizik-kimyoviy muhitga chidamli, tez moslanuvchan, turli oziqa muhitida yashash qobiliyatiga ega. Biologik jarayonlarda achitqi zamburug‘lari, mikromitsetlar, bakteriyalar va aktinomitsetlar kabi mikroorganizmlardan foydalaniladi. Butun mavjudot mikroorganizmlarsiz yashay olmaydi, ammo mikroorganizmlarning o‘zi esa yashayveradi. Aytaylik, ovqat hazm qilish tizimida faol qatnashadigan mikroorganizmlar miqdori kamayib ketsa, disbakterioz va u bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa kasalliklar ro‘y beradi. Yana bir misol, tuprog‘i sterillangan, ya’ni mikroblari o‘ldirilgan tuvaklarga o‘simlik o‘tkazib barcha kerakli mineral o‘g‘itlarni ham sterillangan holda solsangiz, ko‘chat 4-5 kundayoq so‘lib qoladi.

XXI asrga zamonaviy biotexnologiya ulkan yutuqlar bilan kirib keldi. Inson genomining to‘la o‘qilishi, oldindan rejalashtirilgan xususiyatlarga ega bo‘lgan shtammlarni yarata bilish, qarimaslik sirlarini ochish sari intilish, bir so‘z bilan aytganda abadiylikka intilish, bugungi kun fani yutuqlari oldida afsona emasligi hammaga ma’lumdir. O‘tgan asrning 80–90 yillaridan boshlab, dunyo olimlarining “XXI asr - biotexnologiya asri bo‘ladi” degan bashoratomuz so‘zlari bejiz emasligi ko‘plab misollar bilan o‘z tasdig‘ini topmoqda. Rivojlangan, zamonaviy biotexnologiya fanining asosida uning ulkan yutuqlar manbayi bo‘lmish mikroorganizmlar dunyosi yotadi. Shunday ekan erishilgan yutuqlarda ko‘z ilg‘amas, kichik organizmlarning ham o‘z o‘rni bor, albatta.

Keling, endi ushbu tarmoqlarning respublikamizda rivojlanishi uchun nimalarga e’tibor berishimiz lozimligi haqida fikr yuritaylik. Dastlab, e’tiborimizni butun jahon diqqat e’tiborida turgan oqsil tanqisligi muammosiga qaratmoqchimiz. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra: dunyoda oqsil tanqisligi yiliga deyarli 12–15 mln. tonnani tashkil etadi. Bu bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi ma’lumotlar sizlarni befarq qoldirmaydi deb o‘ylaymiz: Dunyo bo‘yicha 850 mln. dan ortiq kishi oqsilga muhtoj, shundan 200 mln. dan ortiqrog‘i 5 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. 50 mln. dan ortiq kishi ochlikdan vafot etadi, ulardan 40 mln dan ortiqrog‘i yosh bolalardir. 1 sutkada o‘rtacha 11000 yosh bola hayotdan ko‘z yumadi.

Oqsil muammosini hal qilish uchun dastlabki urinishlar eru-xotin Tausonlarning achitqilar va bakteriyalarni o‘stirish uchun parafindan foydalanishni taklif etishgandan boshlangan edi. T.A.Tauson achitqilarning parafindan oksidlanish jarayonining ayrim oraliq mahsulotlari va B1 vitaminini sintez qilishini isbotlab berdi. Bu dastlabki urinishlar edi, albatta. Shundan keyin S.I.Kuznetsova, B.I.Isochenko, L.D.Shturim, G.N.Mogilevskiy va boshqa shu kabi olimlarning izlanishlari, nazariy va amaliy tajribalari ko‘pgina mikroorganizmlar uglevodorodlarni oksidlay olishi mumkinligini rad etib bo‘lmas darajada isbotladi. Bu tadqiqotlar insoniyat oldida, ayniqsa oqsil tanqisligi o‘tkir muammo bo‘lib turgan bir paytda e’tiborni o‘ziga jalb etadi. Fransiya, Italiya, Yaponiya va AQSh kabi jahonning rivojlangan mamlakatlarida ham neftdan oqsil olish muammolarini yechish uchun ilmiy izlanishlar olib borildi va bir qadar o‘z yechimini topdi.

Achitqi va bakteriyalar parafindan biomassa hosil qilish uchun o‘ziga kerakli bo‘lgan uglerodni va hujayraning hayotiy faoliyati uchun energiya manbayi bo‘lib xizmat qiladigan, oqsil va vitaminlarni sintezlaydigan, raqib va dushmanlardan himoya qiladigan vodorodni topib oladilar. Shuning uchun ham biosintezning nihoyatda yuqori bosqichda o‘tishi va o‘ta mahsuldorligi ajablanarli hol emas. Fikrimizning isboti sifatida quyidagi misollarni keltirmoqchimiz: Mikroorganizmlar mu’tadil tuzilishdagi parafinlardan (10% namlikdagi tayyor mahsulotga hisoblanganda) 580–630 kg oqsil saqlagan 1 t biomassa hosil qiladi. Ayni paytda fermentativ gidroliz jarayonini amalga oshiruvchi zavodlarda esa shuncha miqdordagi achitqi mahsuloti ishlab chiqarish uchun 5,5–6,4 tonna mutlaqo quruq holatdagi yog‘och qipiqlaridan foydalanidilar. Oradagi farq albatta jiddiy, qolaversa, parafinda yog‘ochga nisbatan uglerod va vodorodlar miqdori nihoyatda ko‘p bo‘lib, biosintez jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Gidroliz mahsulotlaridan farqli ravishda bu mahsulotni oqsil–vitaminli konsentrat (OVK) deb yuritila boshlandi. Uzoq vaqtlar davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida, OVK ning chorva mollariga va insonlarga bezarar ekanligi isbotlandi.

Keling, shu o‘rinda e’tiborimizni chorvachilikda oqsilga bo‘lgan talabga qarataylik. Dastlab e’tiboringizga quyidagi statistika ma’lumotlarini havola etmoqchimiz: mamlakatimizda, birgina parrandachilik kompleksi 200000 t oziqa ishlatiladi, bu oziqaga 20000 t OVK, 200 t amilaza, 200 t sellyulaza, 80 t lizin va 60 t metionin qo‘shish kerak bo‘ladi. Xo‘sh, bularning o‘rnini qanday qondirish mumkin? Ma’lumki, don chorvachilik uchun asosiy energiya va oqsil manbayi hisoblanadi. Parrandachilikda deyarli 100%, cho‘chqachilikda 80%, qoramolchilikda 30% oziqa - bu makkajo‘xori, arpa, bug‘doy va javdar kabi boshoqli ekinlar donlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Hayvonlarning mahsuldorligini unga beriladigan oziqaning to‘yimliligi, shuningdek undagi oqsilning tanqis aminokislotalarga boyligini ta’minlaydi. Biroq, asosiy yem-xashak ekinlari – makkajo‘xori va bug‘doy – bu talablarga javob bermaydi. Fikrimizning isboti sifatida qishloq xo‘jalik fanlari doktori G.V.Redchikovning quyidagi ilmiy ma’lumotini keltiramiz: “Bug‘doy, arpa, makkajo‘xori donida oqsil miqdori juda kam bo‘lib, eng muhimi cho‘chqa bolalari uchun zarur bo‘lgan lizinning atigi 23–37%, jo‘jalar uchun esa atigi 20–32% mavjud. Lizinning buncha yetarli bo‘lmagan miqdorini ham hayvonlar to‘laligicha o‘zlashtira olmaydilar, ya’ni cho‘chqa arpa doni tarkibidagi lizinning 26, makkajo‘xoridagi lizinning 72, bug‘doydagining 50 foizini o‘zlashtirishi mumkin xolos. Ma’lumki, hayvonlar oziqadagi faqat tanqis aminokislotalar ulushiga teng keladigan oqsil qismidan samarali foydalanish qobiliyatiga ega. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, don oziqasiga eng qimmatli komponent – oqsil, agar u lizinga to‘yinmagan bo‘lsa, hayvonlar organizmi ularni o‘z organizmlari va to‘qimalarida oqsil hosil qilishga emas, boshqacharoq aytganda go‘sht, sut, tuxum yoki jun hosil qilishga emas, balki ichki energiya manbayi sifatida sarflaydilar. Donda tanqis aminokislotalar sifatida treonin va triptofan yetishmasa ham shu holat yuz beradi.”

Xo‘sh, boshoqli ekinlardagi bunday tabiiy yetishmovchilikni qanday bartaraf etish mumkin? Buning uchun donli oziqa tarkibiga baliq va suyak uni, sut kukuni, soya (donidan yog‘i ajratib olingandan keyin qolgan shrot yoki kunjarasi) va oziqa achitqisini qo‘shish kerak. Mutaxassislarning hisoblariga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmining eng yuqori unumdorligi sharoitida qoramollarni boqish uchun baliq va suyak uni, sut kukuni, soya kunjarasi ishlatilib, 1995–2000 yillarda chorvachilikning oqsilga bo‘lgan talabini bor yo‘g‘i 28–30% miqdorida qondiradi. Bu yetishmovchilikni bartaraf etish uchun biotexnologiyada sanoat mahsulotlari eng avvalo chorvachilikni kompleks omuxta yemi bilan boyitishga mo‘ljallangan turli mahsulotlardan foydalaniladi. Ular orasida oziqa achitqisi alohida o‘rin tutadi. Oziqa achitqisi – to‘yimlilik xususiyati bo‘yicha barcha yuksak o‘simliklardan ustun turadi. Hayvon oqsil ratsionining 25% ni achitqi zamburug‘i oqsili tashkil etadi. Bu oqsil samaradorligi bo‘yicha sut oqsili – kazeindan kam farq qiladi. Achitqi oqsilining 80% dan ko‘prog‘i o‘zlashtiriladi. Achitqi oqsilining hazm bo‘lish koeffsiyenti qoramollar, qo‘ylar va jo‘jalarda 83–91% oralig‘ida o‘zgarib turadi. Ularning ustun tomoni shundaki, aynan achitqi tarkibida donli oziqada yetarli bo‘lmagan tanqis aminokislotalar ko‘p bo‘ladi. Bir tonna achitqida 41–42 kg tanqis aminokislota (lizin) bo‘lsa, 1 t arpa va so‘lida bu miqdor 10 marotaba kamdir. Boshqa tanqis aminokislotalar (treonin, metionin, triptofan) achitqida arpa va sulidagidan 3–5 marta ko‘p. Glutamin kislota esa 1 tonna achitqida 65–110 kg atrofida bo‘lib, dondagidan ancha ko‘p bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar achitqining uncha ko‘p bo‘lmagan miqdori (hajmiga nisbatan 5–6%) o‘simlik oqsilining sifatini va hazm bo‘lishini keskin ortishiga hamda ular sarfini ancha kamaytirishga imkon yaratilishini ko‘rsatadi.

Mikrob biotexnologiyasi sanoati taklif etayotgan oziqa achitqilari, B guruhi vitaminlarining ham manbayi bo‘lib hisoblanadilar. Ma’lumki, chorva mollari uchun zarur bo‘lgan vitaminlardan hatto birortasi yetishmagan taqdirda ham chorva mollari me’yoridagidek rivojlana olmaydilar. Modda va energiya almashinuvi buzilib, organizmning himoya kuchi zaiflashadi. O‘simlik oziqasida esa vitamin kam bo‘ladi va hatto bor vitaminlar ham ularni tayyorlash, saqlash va qayta ishlash vaqtida tez buziladi, ayrim hayotiy zarur bo‘lgan vitaminlar esa o‘simliklarda umuman hosil bo‘lmaydi. Oziqa achitqisi tarkibida arpa, so‘li, no‘xat va soyaga nisbatan – riboflavin (B2) miqdori 20–75 marta, pantaten kislotasi (B3 vitamini) 5–10 marta, xolin (B4) esa 2–6 marta ko‘p bo‘ladi. Bu vitaminlar hayvon organizmida aminokislotalar almashinuvida, o‘simlik oziqasidagi proteindan foydalanishda va oqsil biosintezida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, oziqa achitqisida B12 (sianokobalamin) vitamini bo‘lmaydi. U o‘simliklarda ham sintez bo‘lmaydi. Uni faqat odam va hayvonlar ichagida yashovchi bakteriyalar va aktinomitsetlar sintez qiladilar. Cho‘chqalar, parrandalar va yosh qoramollarda bu vitamin juda kam hosil bo‘ladi. Shu bilan birga B12 vitamini qon hosil bo‘lishda, metionin, xolinnuklein kislotalar sintezida, oqsil, yog‘lar va uglevodlarning almashuvi jarayonida muhim ahamiyatga ega. B12 vitamini yetishmasligi jo‘jalar, cho‘chqa bolalari, qo‘zichoq va yangi tug‘ilgan buzoqlarning o‘sishdan qolishiga, kasallanishiga va o‘limiga olib keladi, hamda chorva mollari mahsuldorligini kamaytirib, o‘simlik oziqasi oqsilining hazm bo‘lishini qiyinlashtiradi. Shuning uchun ratsionga unchalik ko‘p bo‘lmagan miqdorda B12 vitamini qo‘shish (1 tonna oziqa hisobiga bor yo‘g‘i 0,015–0,025 gramm) ajoyib natijalar berib, yuqoridagi barcha ko‘ngilsizliklarning oldini oladi. Mikrobiologik biotexnologiya sanoatida esa B12 vitaminini atsetonbutil ishlab chiqarishdagi chiqindilarni metanobakteriyalar bilan achitish orqali olish mumkin.

Bundan tashqari chorvachilikda biotexnologik sanoatning ajoyib mahsuloti – fermentli preparatlardan foydalanib qo‘shimcha go‘sht va sut yetishtirish mumkin. Ratsion tarkibiga qo‘shilgan ferment preparatlari tirik organizmga, ayniqsa, ular ancha yosh bo‘lganda oziqa moddalarining yaxshi hazm bo‘lishida yordam beradi. Shu tufayli cho‘chqa bolalari, buzoqlar va qo‘zichoqlar o‘sishi tezlashadi. Ularning o‘rtacha sutkali vazni 10–12% ga ortadi, oziqa sarfi tejaladi. Biroq bu hali hammasi emas. Yaxshi oziqa massasini sut achituvchi bakteriyalar hosil qiladigan sut kislotasi bilan qishga silos tayyorlash, konservalash mumkin. Silos tayyorlanganda oziqa moddalari, jumladan, vitaminlar odatdagi pichan tayyorlashdagiga nisbatan ancha kam nobud bo‘ladi. Demak, chorvachilikni rivojlantirishning eng muhim tomonlaridan biri – bu oziqa sifatini takomillashtirishdir.

Shuningdek, bugungi kunda bakteriyalar va zamburug‘lardan foydalangan holda odamning ovqatlanish ratsionini takomillashtirish ham muhim masalalardan biriga aylandi. G‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish uchun qanchalik kuch g‘ayrat va mehnat sarf qilinishi hech kimga sir emas. Shuningdek, chorvachilikda ham buni ko‘rish mumkin. Misol tariqasida quyidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz: Har bir tonna hayvon oqsili sintezi uchun kamida 4,8–4,9 tonna yengil hazm bo‘ladigan oziqa oqsili sarf qilishga to‘g‘ri keladi. Agar biz is’temol qiladigan hayvon mahsulotlarini alohida olib ko‘radigan bo‘lsak, quyidagi manzara namoyon bo‘ladi: 1 t sut oqsilini tayyorlash uchun 3,8–4,0 t; 1 t tuxum oqsili uchun – 3,9–4,1 t; 1 t parranda go‘shti oqsili uchun – 4,5–4,7 t; 1 t mol go‘shti oqsili uchun esa 9,3–9,7 t hisobiga oziqa oqsili sarflanishi aniqlangan. Hayvonlarni bunday katta sarf-xarajatlar bilan uzoq vaqt parvarish qilish chorva mahsulotlaridagi oqsil tannarxining qimmatlashib ketishiga olib keladi.

Biotexnologiya, mikrobiologiya va kimyo fanlari ijodiy hamkorlikda oziqa moddalari, birinchi navbatda ularning eng muhim va qimmatli qismi – oqsil olishning zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqdi. Ya’ni, achitqi zamburug‘lar oziqa mahsulotlarining tarkibini boyitishning eng asosiy manbalaridan biri ekanligi isbotlandi. Shuningdek, Candida avlodiga mansub, tez rivojlanuvchi achitqilar va sekin o‘sadigan Saccharomyces avlodiga mansub achitqi zamburug‘lar vakillari nonvoychilik va pivochilik sohalarida ishlatilishi barchamizga ma’lumdir. Mazkur mikroblar yordamida o‘ta tanqis aminokislotalar – lizin, triptofan, treonin va metionin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Aminokislota va achitqilardan birinchi navbatda eng asosiy oziqa mahsuloti, rizq-ro‘zimiz bo‘lgan nonning oziqa qiymatini oshirishda foydalanish mumkin. Olimlarning aniqlashicha, nonda oqsil miqdori unchalik ko‘p emas: javdar unidan tayyorlangan nonning 100 grammida hammasi bo‘lib 6,5 grammgacha, bug‘doy unidan tayyorlangan nonda – 8,3 gramm oqsil bo‘ladi, xolos. Biroq, olimlar o‘rta yoshli kishining bir kunda 450 g non yeyishi tufayli oladigan oqsil miqdori bor-yo‘g‘i 29 grammga, ya’ni uning o‘rtacha sutkalik ehtiyojining uchdan biriga teng kelishini aniqlaganlar. Shuningdek, nonda lizin, triptofan, metionin yetishmaydi. Umuman bug‘doy nonining biologik qiymati 38% ni tashkil etsa, oqsilning sof parchalanishi 33% ga teng. Xo‘sh, qanday usullar bilan nonning biologik samaradorligini oshirish mumkin? Bunda bizga yana biotexnologik jarayon orqali olingan lizin yordam berishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashlaricha: 1 t unga atigi 150 gramm lizin qo‘shilganda nondagi oqsil sifati keskin oshishi aniqlangan. Bug‘doy uniga birgina tanqis aminokislota – lizin qo‘shilgandagina natijalar ana shunday.

Agar un tarkibiga yetishmayotgan barcha tanqis aminokislotalar qo‘shilsa, nima bo‘ladi? Demak, bug‘doy uniga tanqis aminokislotalarga boy bo‘lgan aminokislotalarni, zamburug‘larni (xamirturush) solish orqali biz aminokislotalar tarkibi va biologik qimmati bo‘yicha sut va tuxum oqsillariga yaqin va mol go‘shti oqsillaridan qolishmaydigan non mahsulotlarini olishimiz mumkin. Xamirturush faqatgina tanqis aminokislotalarga emas, balki vitaminlarning miqdori va sifati bo‘yicha ham ancha boydir. Umuman, biotexnologiya va sanoat mikrobiologiyasining rivojlanishi faqat ko‘p tonnali qimmatli oziqa ishlab chiqarishni emas, balki turli xildagi fiziologik faol moddalar ishlab chiqarish imkonini ham beradi. Bu borada biotexnologiya sanoati imkoniyatlari beqiyosdir. Ularning yana bir tarmog‘i o‘simlik qoldiqlaridan (shox–shabba, g‘o‘zapoya, makkajo‘xori poyasi, somon) shakar va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishidir.

Mavzu bo'yicha test sinovi

Keyingi mavzuni ochish uchun kamida 70% (7 ta to'g'ri javob) natija ko'rsatishingiz kerak.

```